Ushbu Qonunning 131-moddasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalarining, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining boshliqlari huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risida, ularning o‘rinbosarlari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshliqlari esa jamoat xavfsizligi haqida har chorakda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlariga hisobot taqdim etishi belgilab qo‘yilgan.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda mahalliy boshqaruv tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ichki ishlar organlarining mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Bu borada professor I. Xamedov va tadqiqotchi I. Say haqiqatan ham mahalliy boshqaruv islohotlarining asosiy konseptual masalasi — bu o‘zgarishlarga asos bo‘ladigan modelni tanlash ekanligini o‘z ilmiy qarashlarida bayon etadilar [3].
Xorijiy tajriba, shuningdek, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining maqsadlari mahalliy boshqaruv tizimida o‘zini o‘zi boshqarish tamoyillarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Hokim mahalliy kengash rahbari bo‘lgan vaqtda, kengash o‘zining davlat organi sifatidagi maqomini yo‘qotib, munitsipal hokimiyat organiga aylanishi mumkinligi hech kimning xayoliga ham kelmagan.
Biroq yangi sharoitda joylardagi vakillik organlarini, shuningdek, ularning hokimlar bilan o‘zaro hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmini tubdan o‘zgartirish islohotlarning asosiy maqsadi ekanligini unutmaslik kerak.