AQSHda har bir shtatning o‘z probatsiya va shartli ozod qilish tizimi mavjud bo‘lib, ular orasida ma’lum farqlar mavjud. Federal darajada ham probatsiya xizmati mavjud, u federal jinoyatlar bo‘yicha sudlangan shaxslar bilan ishlaydi.
AQSHda profilaktik hisobga olish tizimi o‘z ichiga elektron nazorat tizimini, xavf darajasini baholash metodikasini, darhol aralashuv prinsipini, maxsus dasturlarni va jamoat tashkilotlari ishtirokini qamrab oladi.
Xususan, AQSHda profilaktik hisobda turgan shaxslarga nisbatan elektron bilaguzuklar, GPS-trekerlar va boshqa elektron nazorat vositalaridan keng foydalaniladi. Bu ularning harakatlanishini nazorat qilish va belgilangan cheklovlarga rioya qilishini ta’minlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, AQSHning profilaktik hisobga olingan shaxslarning xavf darajasini baholashning ilmiy asoslangan tizimidan foydalanish amaliyoti diqqatga sazovor [4].
Bu tizim (Risk-Needs-Responsivity model — Xavf-ehtiyoj-moslashuvchanlik modeli) shaxsning qayta jinoyat sodir etish ehtimolini baholash va unga mos profilaktik choralarni belgilash imkonini beradi.
Mazkur mamlakatda profilaktik hisobda turgan shaxs belgilangan qoidalarni buzganda darhol aralashuv (swift, certain, and fair sanctions) tizimi ishga tushiriladi [5].
Bu yondashuv profilaktik hisobda turgan shaxs belgilangan qoidalarni buzgan taqdirda darhol, aniq va adolatli jazo choralarini qo‘llashni nazarda tutadi. Ushbu tizim AQSHning bir qator shtatlarida samarali natijalar berayotganligini qayd etish mumkin.