Xalqaro tahlillar mazkur muammoning dolzarbligi yil sayin ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘yicha tovlamachi-dastur (Ransomware-as-a-Service, RaaS) guruhlari tomonidan 7 307 ta tashkilot rasman jabrlanuvchi sifatida qayd etilgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 45 foizga oshgan. Shu bilan birga, faol tovlamachi-dastur guruhlari soni 98 tadan 138 taga yetgan va bir yil ichida 41 foizlik o‘sish qayd etilgan. O‘rtacha hisobda har oyda 609 ta tashkilot raqamli tovlamachilik qurboniga aylangan [1].
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, zamonaviy tovlamachilik endilikda faqatgina ma’lumotlarni shifrlash bilan cheklanib qolmay, balki ma’lumotlarni o‘g‘irlash, ularni ommaviy oshkor qilish bilan tahdid qilish, xizmat ko‘rsatish tizimlarini izdan chiqarish hamda ko‘p bosqichli bosim mexanizmlarini qo‘llash orqali amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda tovlamachilikning sodir etilish usullari murakkablashib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali amalga oshirilayotgan holatlar ko‘paymoqda. Bu esa jinoyatlarning latentlik darajasini oshirib, ularni barvaqt aniqlash va oldini olish jarayonini qiyinlashtirmoqda. Kriminologik tadqiqotlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda ishtirok etganlarning 48,5 foizi tovlamachilik jinoyatlarining atigi 20 foizgacha bo‘lgan qismi rasman aniqlanishini, qolgan qismi esa latent holatda saqlanib qolayotganini ta’kidlagan [2; 75-b.].
Tovlamachilikning oldini olish samaradorligi nafaqat jinoyat qonunchiligining mukammalligiga, balki profilaktika subyektlari faoliyatining muvofiqlashtirilganligi, axborot almashinuvi tizimining samaradorligi, aholi bilan hamkorlik mexanizmlarining rivojlanganligi hamda jabrlanuvchilarni himoya qilish tizimining ishonchliligiga ham bevosita bog‘liqdir. Shu jihatdan qaraganda, mazkur sohada samarali natijalarga erishish kompleks va tizimli yondashuvni talab etadi.
Mazkur yondashuv doirasida tovlamachilik jinoyatlarini oldini olishning tashkiliy-huquqiy ta’minlanganligi masalasi muhim o‘rin tutadi. Tovlamachilik jinoyatlarining oldini olishni tashkiliy-huquqiy ta’minlash deganda davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi subyektlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining mazkur turdagi jinoyatlarni barvaqt aniqlash, ularning sodir etilishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, qayta sodir etilishining oldini olishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar tizimi tushuniladi.
Zamonaviy sharoitda tovlamachilikning sodir etilish mexanizmlari o‘zgarib borayotgani mazkur sohada profilaktika faoliyatini faqat jinoiy javobgarlik choralari bilan cheklab qo‘yish samarali emasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan foydalangan holda amalga oshirilayotgan tovlamachilik holatlari profilaktikaning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini muntazam ravishda takomillashtirib borishni talab etmoqda.
Tovlamachilik jinoyatlarining oldini olishni tashkiliy-huquqiy ta’minlash tizimi o‘zaro uzviy bog‘langan normativ-huquqiy, institutsional va amaliy-profilaktik komponentlar integratsiyasidan tashkil topgan kompleks tizim hisoblanadi.
Birinchidan, normativ-huquqiy baza mazkur sohaning huquqiy poydevorini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasida ushbu yo‘nalish Konstitutsiya, Jinoyat kodeksi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun, kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari hamda sohaviy normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Xususan, tovlamachilik uchun javobgarlik Jinoyat kodeksining 165-moddasida nazarda tutilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan qonunchilik islohotlari mazkur jinoyat tarkibini zamonaviy tahdidlar, jumladan raqamli muhitda sodir etiladigan huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar hisobga olingan holda takomillashtirish tendensiyasini namoyon etmoqda [3].
Jumladan, 2024-yilda kiritilgan o‘zgartirishlar orqali axborot resurslariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatish, ularni to‘sib qo‘yish, o‘zgartirish yoki yo‘q qilish kabi harakatlar bilan bog‘liq holatlar jinoyat tarkibiga kiritilishi zamonaviy jinoyatchilik dinamikasini inobatga olgan muhim huquqiy qadam hisoblanadi.