Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, giyohvandlik moddalari orasida kannabis eng keng tarqalgan tur hisoblanadi. Uni iste’mol qiluvchilar soni 244 million nafardan ortiq bo‘lib, barcha giyohvandlik moddalari iste’molchilarining asosiy qismini tashkil etadi. Shuningdek, taxminan 61 million nafar shaxs opioid moddalarni, millionlab insonlar esa amfetaminlar, kokain va sintetik psixostimulyatorlarni iste’mol qilmoqda [3]. Ayniqsa, sintetik giyohvandlik moddalarining nisbatan arzonligi va yashirin tarqatish imkoniyatlari ularning yoshlar o‘rtasida tez sur’atlarda ommalashishiga olib kelmoqda.
Giyohvandlikning ijtimoiy xavfi uning inson salomatligiga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri bilan ham belgilanadi. Jahon bo‘yicha 64 million nafarga yaqin shaxsda psixoaktiv moddalarni iste’mol qilish natijasida ruhiy holat va xulq-atvor bilan bog‘liq turli buzilishlar aniqlangan. Shu bilan birga, 13,2 million nafardan ziyod inson giyohvandlik moddalarini inyeksiya orqali qabul qilishi OITS (VICH) va virusli gepatit kasalliklarining tarqalish xavfi yuqori darajaga yetganini anglatadi [2].
Mutaxassislarning baholashicha, inyeksion giyohvandlar orasida VICH infeksiyasiga chalinish ehtimoli umumiy aholiga nisbatan bir necha barobar yuqori hisoblanadi.
Globallashuv sharoitida zaharvandlik ham alohida xavfli ijtimoiy illat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Zaharvandlik bilan bog‘liq holatlarda asosan retseptor dori vositalari, maishiy kimyoviy mahsulotlar va ingalyantlar suiiste’mol qilinadi. Mazkur vositalarning nisbatan arzonligi, erkin muomalada mavjudligi hamda ayrim hollarda huquqiy cheklovlarning kamligi ularning o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida keng tarqalishiga zamin yaratmoqda. Xalqaro tadqiqotlar yoshlar giyohvandlikka dastlab aynan toksikomanik xususiyatga ega moddalarni iste’mol qilishdan boshlashini ko‘rsatmoqda [4].
Muammoning yana bir tashvishli jihati davolash va reabilitatsiya xizmatlarining yetarli darajada emasligi bilan bog‘liq. Jahon statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, narkologik kasalliklarga chalingan har 11 nafar shaxsdan faqat bittasi maxsus tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega. Ayollar o‘rtasida mazkur ko‘rsatkich yanada past bo‘lib, yordamga muhtoj bo‘lgan har 18 nafar ayoldan faqat bittasi professional davolanish xizmatlaridan foydalanmoqda. Bu esa giyohvandlik va zaharvandlikka qarshi kurashishda profilaktika chora-tadbirlari bilan bir qatorda davolash va reabilitatsiya tizimini takomillashtirish ham muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Yuqorida keltirilgan statistik ma’lumotlar va tahlillar giyohvandlik hamda zaharvandlikning global miqyosda keng tarqalayotgan, jamiyatning barqaror rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan murakkab ijtimoiy hodisa ekanligini ko‘rsatadi. Shu bois mazkur muammo bugungi kunda nafaqat sog‘liqni saqlash sohasining, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat boshqaruvi tizimining ham ustuvor vazifalaridan biriga aylanmoqda. Mazkur holat giyohvandlikning zamonaviy ko‘lami, uning ijtimoiy xavflilik darajasi hamda jamiyat hayotining turli sohalariga ko‘rsatayotgan ta’sirini chuqur tahlil qilish zaruratini taqozo etadi.
Giyohvandlikning zamonaviy ko‘lami va ijtimoiy xavflilik darajasini tadqiq etish natijalari ushbu salbiy ijtimoiy hodisaning kriminogen vaziyatga, aholi salomatligi va ijtimoiy barqarorlikka ta’sirini baholash, shuningdek, uning oldini olishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalarni ishlab chiqish imkonini yaratadi.